Asosiy menu

Jizzax viloyatida ham bayramoldi yarmarkalari qizg‘in davom etmoqda

Yangi yil bayrami oldidan Jizzax viloyati tuman va shaharlarida ham qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.

Jizzax shahridagi "Eski shahar" dehqon bozori, shaharning aholi gavjum joylarida go‘sht, tuxum, sut va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda.

Yarmarkada G‘allaorol tumanidagi “Sangzor parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Jizzax tayyorlov xarid” sho‘ba korxonasi va Jizzax tumanidagi “G‘ozg‘on tepa jilosi” fermer xo‘jaligi tomonidan sotilayotgan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari sifati, arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

– Yangi yil bayrami dasturxoni uchun 600 tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini arzon narxlarda sotishni rejalashtirganmiz, – deydi “Jizzax tayyorlov xarid” sho‘ba karxonasi rahbari T.Ergashev. – Bozorda sotuvchilar va xaridorlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. To‘lovni naqd pulsiz amalga oshirish uchun terminallar o‘rnatilgan.

Viloyatda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish yuzasidan belgilangan dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. 2016-yilda paxta hosildorligi 12-15 sentnerdan oshmaydigan 4 ming 100 gektar yerning 3 ming 850 gektariga qo‘shimcha oziq-ovqat ekinlari ekilgani shu kunlarda bozorlarning yanada to‘kin bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

UzA