Asosiy menu

Farg‘ona viloyatida ham bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etildi

Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlash va aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatida bayramoldi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

Viloyatning barcha shahar va tumanlari markazida tashkil etilgan bayram yarmarkalari, turli o‘yinchoqlar bilan bezatilgan archalar barchaga xushkayfiyat ulashmoqda.

Qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etayotgan yarmarkalarda zaminimizda yetishtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taklif etilayotir.

Farg‘ona shahridagi markaziy dehqon bozorida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan. To‘lovni naqd pulsiz amalga oshirish uchun terminallar o‘rnatilgan. Toza va ozoda rastalarda turli noz-ne’matlar, go‘sht, tuxum, sut va sut mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda. Yarmarkaga fermer va dehqon xo‘jaliklari sifatli mahsulotlarini peshma-pesh yetkazib berayotir.

– Bozorlarimiz kun sayin obod bo‘lib borayotir, ayniqsa bayramlar arafasida tashkil etiladigan savdo yarmarkalari aholiga keng qulaylik yaratmoqda, – deydi Farg‘ona shahrida yashovchi Ibodat Ergasheva. – Bayram dasturxoni uchun sarxil mevalar, sabzavot, poliz, go‘sht-sut mahsulotlarini shu yerdan xarid qildik. Har bir rastaga terminal o‘rnatilgani, yuqori saviyada xizmat ko‘rsatilayotganidan xursandmiz. Qish faslida ham narx-navo barqarorligini ta’minlash yo‘lida qilinayotgan bunday tadbirlar uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Farg‘onaga kelayotgan xorijlik sayyohlar ham bozorlardagi bunday to‘kin-sochinlikdan hayratda ekanini yashirolmayapti.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari tahsinga sazovor, – deydi Buyuk Britaniyadan kelgan sayyoh Jenniyer Evans. – Ayniqsa, bozordagi to‘kinchilik, zaminingizda yetishtirilgan sarxil mevalar har qanday odamni hayratga soladi. Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilayotgan mana bunday yarmarkalar ham o‘ziga xos. 

UzA