Asosiy menu

Farovonlikning yangi imkoniyatlari

Jizzax viloyatining asosan paxta va g‘alla yetishtirib kelingan cho‘l tumanlarida bugungi kunda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari rivojlanmoqda.

“...Respublikaning ko‘pgina hayotiy muhim manfaatlariga ziyon yetdi, paxta yakkahokimligi, ilmiy asoslangan almashlab ekishlar buzilgani, yerning tinka-madori qurib ketgani, suv manbalarining imkoniyatlari tobora kamayib borgani qishloq xo‘jaligiga halokatli ta’sir ko‘rsatdi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish cheklab qo‘yildi va aholini shu mahsulotlar bilan ta’minlash muammolari keskinlashdi”.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan keltirilgan ushbu so‘zlar sobiq tuzum davrida qishloq xo‘jaligi qanday og‘ir ahvolda bo‘lgani haqida yaqqol tasavvur beradi.

Islom Karimovning puxta o‘ylangan va uzoqni ko‘zlab amalga oshirgan oqilona siyosati yurtimizni ana shunday og‘ir vaziyatdan olib chiqdi. Avvalo, aholi farovonligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi, fermerlik harakatiga asos solindi. Prezidentimizning 1991-yil 29-noyabrdagi "Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni soha rivojida mustahkam poydevor yasadi.

Mazkur hujjat asosida qishloq xo‘jaligida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, yer haqiqiy egasini topdi. O‘tgan yillar davomida fermerlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasida amalga oshirilgan izchil ishlar yuksak samaralar bermoqda. Ayniqsa, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining tashkil etilishi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Jizzax viloyatidagi 3 ming 216 fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqliga aylantirildi. Bu 21 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Qishloq xo‘jaligida ro‘y bergan bunday tarkibiy o‘zgarishlar mahsulot yetishtirishda ham yangicha yondashuvni yuzaga keltirdi. Avvalo, yer, suv, iqlim sharoitini hisobga olib dehqonchilik qilish imkoniyatlari kengaydi.

Viloyatning asosan paxta va g‘alla yetishtirib kelingan cho‘l tumanlarida bugungi kunda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari rivojlanmoqda. Ko‘p tarmoqli faoliyat yuritish fermerlarga qo‘shimcha daromad keltirish bilan birga, almashlab ekish imkoniyatlarini kengaytirib, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilayotir.

Ekin maydonlarini maqbullashtirishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyati, dehqonchilik an’analari hisobga olingani yaxshi samara bermoqda. Bu usul ayniqsa, kamquvvat, zarar ko‘rib ishlayotgan fermerlarga iqtisodiyotini tiklab olishda qo‘l kelmoqda.

Ilgari o‘z xo‘jaligining ichki ehtiyojlari uchun meva-sabzavot, poliz ekinlari ekkan fermerlar endi faqat ichki bozorga emas, xorijga ham mahsulot eksport qilmoqda.

– Mamlakatimizda fermerlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, unumdorligi pasayib ketgan 50 gektar maydonga poliz ekinlari ekdik, – deydi Mirzacho‘l tumanidagi “Akbar sokin” fermer xo‘jaligi rahbari M.Pirimqulov. – O‘zimizning mahalliy nav qovun urug‘idan yaxshi hosil oldik. Ichki bozordan ortganini xorijga sotib, yaxshigina daromad ko‘rdik. Dastlabki daromad xo‘jaligimizning boshqa tarmoqlaridagi agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida bajarishda qo‘l keldi.

Bu yil viloyatning Sirdaryo havzasidan sug‘oriladigan barcha tumanlarida poliz ekinlaridan yaxshi hosil olindi. Bu viloyatning barcha hududlarida qovun-tarvuz va oshqovoqning serobligi, arzonligida ham ko‘rinib turibdi. Aynan shunday serobchilikni meva-sabzavot mahsulotlari savdosida ham kuzatish mumkin.

Viloyatda fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini maqbullashtirish jarayonida bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari soni 400 ga yetdi. Hosildorligi 12-15 sentnerdan oshmaydigan 4 ming 100 gektar paxta maydonini qisqartirish hisobidan 2 ming 400 gektar yerda sabzavot, 400 gektar yerda kartoshka, 50 gektar yerda ozuqa ekinlari yetishtirilmoqda.

Tabiiy iqlim sharoiti hisobga olinib, bu tarmoqlarni Baxmal, G‘allaorol, Jizzax, Zomin, Forish, Yangiobod kabi tog‘oldi tumanlarida yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu hududlarda intensiv agrotexnologiyalarga asoslangan 352 gektar bog‘ va 374 gektar tokzor barpo etildi.

– Prezidentimiz Islom Karimovning fermerlikni rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari asosida amalga oshirilgan ishlar har birimizning faoliyatimizda o‘z samarasini berayotir, – deydi Baxmal tumanidagi “Elyor Ergashev” fermer xo‘jaligi rahbari Xoliqnazar Ahmedov. – Xo‘jaligimizda 9,8 gektar maydonda bog‘, jumladan, 4 gektar intensiv bog‘ barpo etdik. Ayni paytda mahsulotimizni xorijga eksport qilish uchun tayyorlamoqdamiz.

Bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar asosida viloyatda so‘nggi ikki yilda bog‘ maydonlari 5 ming gektardan ziyod kengaytirilib, mevali bog‘lar 14 ming 90, uzumzorlar 5 ming 670 gektarga yetkazildi.

Joriy yilda meva yetishtirishni 112 ming, sabzavotni 420 ming 700, kartoshka yetishtirishni 80 ming 400 tonnaga yetkazish yuzasidan belgilangan tadbirlar izchil amalga oshirilayotir. Bu tarmoqlarni rivojlantirishda fermer xo‘jaliklari bilan birga, shaxsiy tomorqa xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ham alohida e’tibor qaratilayotgani yuksak samaralar bermoqda.

Viloyatda joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasida umumiy qiymati 47,6 milliard so‘mlik 3 ming 158 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. 112 bog‘dorchilik, 410 uzumchilik, 196 chorvachilik, 30 parrandachilik, shuningdek, baliqchilik, quyonchilik kabi tarmoqlarda fermerlar, xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan bu loyihalar iqtisodiyot rivoji, elimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishda erishilayotgan samaralar bozorga, elimiz dasturxoniga baraka kiritish bilan birga, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga ham muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan eksport tarkibida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 30 foizni tashkil etgani ham buning isbotidir.

UzA