Asosiy menu

Yangi fermerning katta yumushlari

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida fermer xo‘jaliklari agrar tarmoqning yetakchi kuchiga aylandi. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Farmon asosida Samarqand viloyatida 2013-2015-yillarda 8 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqliga aylantirildi. Ular tomonidan 9 ming 266 yangi loyiha amalga oshirilib, 30 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Joriy yilda 2 ming 500 ga yaqin loyihani hayotga tatbiq etish orqali 2 ming 328 fermer xo‘jaligi faoliyat yo‘nalishini kengaytirish va 9 ming 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun 181 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ushbu vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishda o‘tgan yil yakunida amalga oshirilgan fermer xo‘jaliklari yerlarining maqbullashtirilishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu jarayonda viloyatdagi fermer xo‘jaliklarining yerdan samarali foydalanishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish va ko‘p tarmoqli faoliyat olib borish imkoniyatlari, moliyaviy holati, moddiy-texnik bazasi va, albatta, fermerning dehqonchilik madaniyati, tajribasi e’tiborga olindi. Maqbullashtirish natijasida viloyatda 1 ming 689 yangi fermer xo‘jaligi tashkil etilib, ularning umumiy soni 12 ming 641 taga yetdi. Xo‘jaliklarning 68 foizi paxta va g‘allachilik, 20 foizi bog‘dorchilik va uzumchilik, 4,5 foizi chorvachilik, 3 foizi sabzavotchilik va polizchilik hamda 4,5 foizi boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.

Oqdaryo tumanida shu paytga qadar tasarrufida 20 ming 549 gektar yer maydoni bo‘lgan 727 fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, maqbullashtirishdan so‘ng xo‘jaliklar soni 775 taga yetdi.

– To‘g‘risini aytish kerak, yurtimizda fermerlik harakati boshlanib, yer fermerlarga berilganda, dehqonchilikdan xabari borlar ham, uni yaxshi bilmaydiganlar ham shu ishga qo‘l urib ko‘rdi, – deydi Oqdaryo tumani fermerlar kengashi raisi Sulaymon Rustamov. – Albatta, har bir qarich yerning qadriga yetadigan, yilning qaysi faslida qanday tadbirni amalga oshirishni biladigan fermerlar yerning haqiqiy mulkdoriga aylandi, xo‘jalik daromadini yil sayin oshirib bordi. Lekin fermerlar zimmasidagi mas’uliyatning zalvori, ular oldidagi vazifalar va bugungi kun talabini anglamagan, sohaga yanglish kelib qolganlar o‘z-o‘zidan chetda qolib ketaverdi. Yerdan maqsadli foydalanmaslik natijasida ko‘zlangan hosil olinmadi, shartnoma majburiyatlari bajarilmadi. Oqibatda bunday fermerlar yerni topshirishga majbur bo‘ldi. 2015-yilda amalga oshirilgan fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish tadbiri eng munosib fermerlarni saralash imkonini berdi. Bu jarayonda tumanimizda fermer xo‘jaliklari 48 taga ko‘paydi, 250 xo‘jalik yangidan tashkil etildi. Paxta va g‘allachilik yo‘nalishida 67, sabzavot va polizchilikda 37 yangi fermer xo‘jaligi ish boshladi. Har bir fermer xo‘jaligida kamida o‘nta yangi ish o‘rni yaratildi. Endilikda fermer xo‘jaligi tashkil etish ochiq-oshkora, deputatlar ishtirokida amalga oshirilib, mahalliy Kengashlar tomonidan tasdiqlanmoqda.

Tumanning Yangi qishloq mahallasidagi “Oqdaryo Odiljon dalasi” fermer xo‘jaligi ham yangi tartib asosida tashkil etilgan xo‘jaliklardan biri. 38,5 gektar yer maydoniga ega fermer Sayfulla Himmatov ayni paytda xo‘jalik a’zolari bilan birga dastlabki mavsum yumushlariga kirishgan.

– O‘zimiz yashab turgan hudud bo‘lgani uchun yerning holati, unumdorligi va suv ta’minotini yaxshi bilamiz, – deydi S.Himmatov. – Shu bois, qish mavsumida dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarish, ariqlarni tozalash va g‘alla maydonlarini oziqlantirishga e’tibor qaratdik. G‘allani birinchi o‘g‘itlashdan chiqardik. Endi sharbat usulida sug‘orishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Paxta ekiladigan yerlarimiz, 50 sotix maydondagi uzumzorda kunlar isishi bilan amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni belgilab olganmiz. Bu yumushlarni mehnat daftarchasi ochilib, ishga qabul qilingan besh ishchimiz bajaryapti. Bu yil yana 10 ishchi, jumladan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga olamiz.

“Tepasug‘onchi Oqdaryo” fermer xo‘jaligi 82 gektar maydonda dehqonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, maqbullashtirishdan so‘ng uning tasarrufida 46 gektar maydon qoldi.

– Xo‘jalik ixtiyoridagi yerning kattaligi emas, undan samarali foydalanish muhim ekan, – deydi fermer xo‘jaligi boshlig‘i Jonibek Ahmadov. – Hozir 21 gektar maydonda g‘alla parvarishlayapmiz. Maysa rivoji yaxshi, dastlabki oziqlantirish ishlarini amalga oshirdik. 3 gektar yerda chorva uchun yem-xashak yetishtiramiz. Chunki xo‘jalik faoliyatini kengaytirib, chorvachilik fermasi ochganmiz. 40 boshga yaqin qoramolimiz bor. Kelgusida mazkur tarmoqni yanada kengaytirish, parrandachilik, issiqxona xo‘jaligi tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Oqdaryoda ham qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda amaliy yordam ko‘rsatuvchi va hisob-kitob ishlarini muvofiqlashtiruvchi monitoring markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, fermerlarga har tomonlama amaliy ko‘mak berilmoqda. Joriy yildan ish boshlagan ushbu markazlarda mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat hisob-kitob, monitoring kuzatuv hamda xizmat ko‘rsatish va ta’minot guruhlari tashkil etilgan. Ushbu guruhlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga iqtisodiy-huquqiy, amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda, ularning talab va ehtiyoji asosida mineral o‘g‘it, yonilg‘i moylash materiallari, urug‘lik va biomahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

Bunday imkoniyat va sharoitlar qishloq xo‘jaligidagi islohotlar izchiligini ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish, bunda fermerlarning o‘rni va rolini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.


UzA