Asosiy menu

Fidokorona mehnat e’tirofi

Prezidentimiz Islom Karimov farmonlariga muvofiq har yili eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida ijtimoiy-iqtisodiy soha, huquq-tartibot idoralarida uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizni Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23-yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirilmoqda.

Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari taklif etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar Vatanimizning jahonda munosib o‘rin egallayotganida, turli sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilayotganida, xalqimiz farovonligi muttasil yuksalayotganida, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda asosiy omil bo‘layotir. Bu Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahri kundan kun chiroy ochmoqda. Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi ustidan o‘tadigan yangi ko‘prik barpo etilgani shahar ahli, poytaxtimiz mehmonlari uchun ulkan tuhfa bo‘ldi. Yo‘lovchilar hamda transport qatnovi uchun qulaylik yaratgan ushbu inshoot shaharga butkul yangicha qiyofa, ko‘rk baxsh etdi.

Poytaxtimizning Eski shahar qismi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, shaharning turli hududlarini o‘zaro bog‘lovchi yangi ko‘chalar barpo etilmoqda. Nurafshon ko‘chasining qurilishi aholi uchun katta qulaylik yaratish bilan birga, Eski shaharni zamonaviy maskanga aylantirish borasidagi ishlarga keng yo‘l ochdi. Olmazor tumanida eng zamonaviy arxitektura va muhandislik talablariga to‘la javob beruvchi ko‘p qavatli turar joy binolari qad rostladi.

Yangi ko‘cha va xiyobonlar, mahalla guzarlari, ijtimoiy obyektlar, tibbiyot maskanlari, madaniyat va aholi dam olish markazlari, qayta rekonstruksiya qilingan madaniyat va istirohat bog‘lari jonajon poytaxtimiz jamolini yanada bezab turibdi.

Tadbirda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati bilan sanoat, transport, aloqa hamda qurilish sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimizga yuksak mukofotlar tantanali tarzda topshirildi.

– Osmoni musaffo, tinch va osuda hayot, xalqi hamisha ahil va hamjihat yurt farzandi ekanimdan behad faxrlanaman, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Toshkent pedagogika kolleji maxsus fan o‘qituvchisi Dilbar Karimova. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan davr mobaynida yurtimizda ilgari hech kimning xayoliga ham kelmagan ulkan yutuq va marralarga erishildi. Bu istiqlol sharofati, xalqimizning samarali mehnati tufaylidir. Bugungi murakkab davrda tinch-osoyishta hayotimizni, mustaqilligimizni, farzandlarimizning ongu tafakkurini asrash, doim hushyor va ogoh bo‘lish bizning chin insoniylik burchimizdir.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev topshirdi.

* * *

Xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy an’analarimiz bardavomligini ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongu shuurini hayot tarzimizga yot g‘oyalar ta’siridan himoyalash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi.

Ana shu ezgu maqsadda madaniyat, ma’naviyat, adabiyot, san’at va ilm-fan, sog‘liqni saqlash sohalarini har jihatdan rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, dramaturglar, olimlar, rejissyorlar, aktyorlar, musavvirlar, san’atkorlar, jurnalistlar, sportchilar, murabbiylar, noshirlar, jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Tantanali tadbirda milliy madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari rivoji davlatimizning doimiy e’tiborida ekani, soha xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish an’anaga aylangani alohida ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbarining doimiy g‘amxo‘rligini faoliyatimiz, kundalik ijodimizda his etib yashaymiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbektelefilm” studiyasi sahnalashtiruvchi rejissyori Zamira Begimqulova. – Bu biz, san’at ahlini mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatni doimo his etishga, yanada fidoyilik bilan mehnat qilishga da’vat etadi.

– Mamlakatimizdagi tinch-osoyishta, ijtimoiy barqaror muhit barcha sohalar qatori milliy jurnalistikani ham jadal rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim mudiri Ahmad Otaboyev. – Yurtimizda kechayotgan islohotlar mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazish, vatandoshlarimizda yurt taqdiri, uning kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib kamolga yetkazish, ularni turli mafkuraviy tahdidlardan ishonchli himoyalash zimmamizdagi mas’uliyatli vazifadir.

Tantanali tadbirlarda so‘zga chiqqanlar ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov topshirdi.

Bunday tantanali tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, vazirlik va idoralarda bo‘lib o‘tdi.

UzA