Asosiy menu

Samarqanddagi g‘allani nechta kombayn o‘radi?

Bu yil Samarqand viloyatidagi 9900 dan ortiq fermer xo‘jaligi tomonidan 105 ming 730 gektar maydonda g‘alla yetishtirildi. Ular davlatga 337 ming toonadan ortiq g‘alla sotish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ayni paytda viloyatda hosilni o‘z vaqtda, sifatli yig‘ib-terib olishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Samarqand viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uchun 222 otryad shakllantirilgan. Ular yuqori unumli 333 kombayndan foydalanadi. Don tashish uchun 1600 dan ortiq avtotransport vositasi tayyorlandi. Har bir otryadda o‘rimda qatnashadigan texnikalarning doimiy sozligini ta’minlash maqsadida ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi, yonilg‘i va moylash materiallari yetkazib beruvchi texnikalar biriktirilgan. Otryad a’zolarining mehnat qilishi va dam olishi uchun dalaning o‘zida zarur sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, kombayn operatorlari, mexanizator va boshqa ishchilarga mavsum oldidan bo‘nak pullari, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Fermer xo‘jaliklari a’zolari g‘alla yetishtirilgan maydonlar atrofini tozalab, dalani texnika kirishiga tayyorlamoqda. Bunda yong‘in xavfsizligi va boshqa xizmatlar vakillari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

UzA