Asosiy menu

9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan

Xotira va qadrlash - xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. O‘tmishning suronli yillarida Ikkinchi jahon urushiga qatnashib o‘zbek xalqiga azaldan xos bo‘lib kelgan mardlik jasorat va Vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etgan va bugungi kunda yosh avlodga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, qonli jang ostonalarida halok bo‘lgan o‘zbek jangchilari ham ayni shu sanada xotirlanib ularning jasorati va mardligi yuksak e'tirof etiladi.
El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o‘tgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g‘amxo‘rlik va e'tibor ko‘rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma'no-mazmun bilan boyidi.
Bu jihatlar yurtimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda, ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtiromda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mustaqilllik yillarida bu kun tom ma'noda inson xotirasi va qadriga nisbatan adolatni tiklagan, asl haqiqatni o‘zida mujassam etgan muhim tarixiy sanaga aylandi.
Xotira va qadrlash - inson aql-zakovatining betakror ma'naviy ne'matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat-shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi va fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda yurtimizda Xotira va qadrlash kuni alohida e'tibor bilan bayram qilinayotgani teran ma'noga ega. Binobarin, Ikkinchi jahon urushidagi tarixiy g‘alabani ta'minlashda yurtdoshlarimizning ham jasorat va xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Jangu jadallarda jon olib-jon bergan minglab o‘zbek o‘g‘lonlari, front ortida tunni tongga ulab mehnat qilgan, rizqu nasibasini o‘zgalar bilan baham ko‘rgan mehri daryo vatandoshlarimiz matonati va fidoyiliklari hech qachon unutilmaydi.
Shu fursatdan foydalanib yurtimizning turli go‘shalarida istiqomat qilib kelayotgan, dorilomon kunlarga shukronalar aytishdan charchamay, xalqimizning tinchligiga, dasturxonlarimizning to‘kinligiga ko‘z tegmasin deya ezgu niyatdan charchamaydigan otaxonu-onaxonlarimizni, urush va mehnat faxriylari, qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyi xodimlari hamda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida samarali mehnat qilib, soha rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan faxriy ustozlarimizni Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbdan tabriklayman. Ularga uzoq umr, sihat-salomatlik tilayman!!!

Axborot xizmati.