Asosiy menu

Kamolliddin Behzod izdoshlari tanlovi o‘tkaziladi

Kamolliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti nafosat va go‘zallikning ko‘z ilg‘amas qirralarini qalb ko‘zi bilan ko‘ra oladigan, ijodkor nafasi va nigohini aks ettira oladigan yoshlarni tayyorlab, tasviriy va amaliy san'at, san'atshunoslik va dizayn yo‘nalishlarida ularning iste'dod va mahorat saboqlarini oshirib kelmoqda.
Mazkur oliy ta'lim muassasasidagi Kamolliddin Behzod izdoshlari bo‘lgan ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi muassisligida “Buyuk kelajakni birga quramiz” nomli tanlov-ko‘rgazma o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ushbu tanlov tobora rivoj topib borayotgan yurtimizning 50 yildan keyingi qiyofasiga ijodkor yoshlar tasavvuri va nigohi bilan nazar solish, mamlakatimizda innovatsion texnologiyalarning keng rivoj topishi va qo‘llanilishiga imkon yaratish, kundalik turmushimizda qo‘llanadigan kichik maishiy buyumdan tortib murakkab texnika va texnologiyalar, landshaft dizayni va kelajak inshootlarining milliy qadriyat va asriy an'analarimiz uyg‘unligidagi ko‘rinishini yaratish, Vatanimizning ertangi taraqqiy etgan qiyofasini yoshlarga o‘z qo‘llari bilan qurishga o‘z tasavvurlari bilan chizishga imkon berishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda ushbu tanlov yosh ijodkorlar uchun o‘z g‘oyalarini namomish etishlari uchun maydon vazifasini o‘taydi.
Tanlov-ko‘rgazmaga yoshlar 2017 yilning oktyabr oyidan boshlab qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur tadbirning taqdirlash marosimi joriy yilning 26 yanvar sanasida bo‘lib o‘tadi.
Ta'kidlash joizki, tanlovga ishtirok etayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy asarlari 2017 yilning 15 noyabr kuni dastlabki ko‘rikdan o‘tkazilgan. Unda professional ijodkorlar va havaskor talaba yoshlarning 200 dan ortiq rassomchilik va dizaynning turli yo‘nalish va janrlarni o‘zida qamrab olgan ijodiy ishlarning namunalari namoyish qilindi.
Tanlovda ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan professional va havaskor ijodkorlar har ikkala yo‘nalishda alohida taqdirlanadilar. Unda gran-pri va birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun va shuningdek rag‘batlantiruvchi mukofotlar va eng yaxshi g‘oyalar mualliflari uchun sovrinlar taqdim etish belgilangan.
Yurtimizda yoshlarning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga, puxta bilim egallashi va o‘z iste'dodini namoyon qilishi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar salmog‘i oshib bormoqda. Bu esa yoshlarning yangidan-yangi maralarni zabt etishlarida qanot bo‘lib, vatanimiz nomini dunyoga tanita oladigan bilimi va iste'dodi jahon ahlini lol qila olgan shijoatli va mard, jasur ajdodlarning munosib avlodlari ekanligini ko‘p bora isbotlayapti.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi xomiyligida o‘tkazilishi kutilayotgan mazkur tanlov-kurgazma ham ijodkor yoshlarning iste'dod va imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga, kelgusidagi muvaffaqqiyatlarga zamin yaratishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Мatbuot kotibi