Asosiy menu

Yurtimiz sug‘urta bozorining professional yetakchi idoralaridan biri

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning hajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish, shuningdek, kapitalni jalb qilish hamda korxona, moliyaviy institutlar va aholining erkin resurslarini joylashtirishdagi muqobil manba sifatida fond bozorini rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.

Bu, o‘z navbatida, zamonaviy sug‘urta bozori infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatni kengaytirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etish uchun sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.

Prezidentimizning 2017-yil 9-oktabrdagi "Kafolat" sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ham bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

– Kompaniyamiz yurtimiz sug‘urta bozorining professional yetakchi idoralaridan biri hisoblanadi, – deydi "Kafolat" sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali direktori Arslon Hayitov. – Filialimiz tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyida 39 mingdan ortiq shartnoma tuzilib, 1 milliard 846 million so‘mlik sug‘urta javobgarligi olindi. O‘tgan yilga nisbatan sug‘urta mukofotlari 120,8 foizga o‘sdi. Sug‘urta qoplamalari to‘lash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini takomillashtirish, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan vaqt bilan sug‘urta qoplamasini to‘lash vaqti oralig‘ini qisqartirishga alohida e’tibor berilmoqda. Yil boshidan buyon yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan 55 da’vo arizasi yuzasidan sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi. Mazkur sug‘urta qoplamalarining umumiy hajmi 2016 yilga nisbatan 14,7 foizga ko‘paydi.

Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, endilikda kompaniya faoliyati yanada takomillashib, xizmat ko‘rsatish oshadi. Hujjatda bu boradagi vazifalar aniq belgilab berildi.

Jumladan, garov va lizing ob’ektlarini zarardan, olovdan va tabiiy ofatlardan sug‘urta qilish, shuningdek, mol-mulk, uskunalar va yo‘ldagi tovarlarni hamda tadbirkorlik faoliyatini barcha xatarlardan sug‘urta qilish orqali tadbirkorlik sub’ektlariga sug‘urta himoyasini taqdim etish, sanoat korxonalari va iqtisodiy sohalardagi qurilish ob’ektlarining barcha tavakkalchiliklardan sug‘urta qilinishini ta’minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida mamlakatning barcha hududlarida yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta himoyasini taqdim etishda aholi qamrovini “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda kengaytirish belgilandi.

Shuningdek, aholini shaxsiy sug‘urtalash, jumladan, infeksion kasalliklardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urtaviy himoyasini ta’minlash, yoshlar uchun uy-joy qurish dasturlari bo‘yicha uy-joylarni sug‘urtalash, yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini yaratish orqali sug‘urta faoliyatini kengaytirish, zamonaviy informatsion texnologiyalardan foydalangan holda virtual ofislar va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishning yangi kanallarini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Qarorda onlayn rejimda elektron sug‘urta polislarini sotish mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish ko‘zda tutilgan. Ushbu mexanizm, ayni paytda amal qilayotgan sug‘urta polislarini qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi o‘rnini egallashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanayotgan davrda dolzarbdir.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda aholiga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish uchun ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish bo‘yicha avtomatlashtirilgan mexanizm yaratiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlarida tadbirkorlik sub’ektlariga doimiy ravishda sug‘urta polislarini sotish shoxobchalari tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda seysmik jihatdan xavfli, sel va toshqin xavfi bo‘lgan mintaqalarda joylashgan fuqarolarning inshootlari, turar joylari, shaxsiy mulkini, ishlab chiqarish va ijtimoiy maqsadlarda barpo etilgan ob’ektlarni sug‘urtalashga alohida e’tibor beriladi.

Prezidentimizning ushbu qarori "Kafolat" sug‘urta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish bilan birga xalqimizning sug‘urta institutiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish va ularning xalqaro talab va standartlarga muvofiqligini ta’minlash, mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga sarmoyalar kirituvchi xorijiy investorlar manfaatlarining sug‘urtaviy himoyasini kafolatlashga xizmat qiladi.

UzA