Asosiy menu

Yosh fermerlar safi kengaymoqda

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Faradis xirmoni” fermer xo‘jaligida yosh tadbirkor va fermerlarning muammolari, taklif va istaklarini o‘rganishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat hokimligi vakillari, tijorat banklari xodimlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etdi.

Muloqotda yosh tadbirkor va fermerlarning muammolarini o‘rganish, ularni joyida hal etish, fermer xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va uyushmagan yoshlarni hududlarda tashkil etilgan iqtisodiy sanoat zonalari hamda ishlab chiqarish korxonalariga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida yosh fermer va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– Xo‘jaligimiz tasarrufida 75 gektar yer bor. Paxta va g‘alla yetishtirishdan tashqari chorvachilik, parrandachilik va bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanamiz, – deydi Oqqo‘rg‘on tumanidan “Pokiza M” fermer xo‘jaligi rahbari P.Karimova. – Joriy yilda g‘alla bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardik. G‘alladan bo‘shagan yerlarga dukkakli ekinlar ekdik. 6 gektar bog‘imizdagi olxo‘ri daraxtlari orasiga sabzavot ekinlari ekilgan. Ayni paytda o‘z mablag‘imizga 300 tonna meva-sabzavot saqlanadigan maxsus muzlatkich qurmoqdamiz.

Tadbir davomida fermerlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bozor infratuzilmasi sub’ektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida yosh fermerlar faoliyatidagi muammolarni o‘rganish va ularni hududlar kesimida bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi tomonidan mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish, yosh fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikda uchrayotgan muammo va kamchiliklarni birgalikda hal etish, ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish, sohaga keng joriy qilishda amaliy yordam ko‘rsatish masalalari o‘z ifodasini topgan.

UzA