Asosiy menu

Non va makaron mahsulotlari yanada ko‘payadi

Milliy matbuot markazida ichki iste’mol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, turlarini kengaytirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"O‘zdonmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari E.Alimov va boshqalar mamlakatimizda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qatori boshoqli va dukkakli ekinlar yetishtirish hajmi ortib, ularni qayta ishlash kengayib borayotgani, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va foydalanish me’yorlarini takomillashtirish choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Kompaniya tizimidagi qirqdan ziyod korxonada mahsulotlar turlarini kengaytirish, sexlarni modernizatsiya qilish maqsadida 2010-2017-yillarda Germaniya va Rossiyadan keltirilgan to‘qsonga yaqin zamonaviy non sexi dastgohlari o‘rnatildi. Natijada mahsulot sifati yaxshilanib, olis qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga issiq non mahsulotlarini yetkazib berish yaxshilandi.

Non va non mahsulotlari sifatini yaxshilash, inson uchun foydali qo‘shimcha mikroelementlar bilan boyitish doimiy e’tiborda. Xususan, aholi salomatligini ta’minlash, bolalar va ayollarda temir moddasi tanqisligi hamda anemiyaning oldini olish maqsadida tizimdagi korxonalarning tegirmonlarida ishlab chiqarilayotgan birinchi navli un to‘liq mineral-vitamin aralashmalari bilan boyitilmoqda.

Turli xastaliklarga uchragan bemorlar uchun maydalangan bug‘doy va kepak aralashmalaridan turli ko‘rinish va hajmdagi nonlar tayyorlanmoqda. Oshqozon-ichak kasalliklariga chalingan bemorlar uchun tuzi nisbatan past, qotirilgan non ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, buyrak, yurak-qon tomir kasalliklari bilan xastalanganlar uchun tuzsiz mahsulotlar – kulchalar va qotirilgan non tayyorlanmoqda.

– Eksport yoki import bilan shug‘ullanish istagidagi korxonalarga yengillik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, u joriy yilning 11-oktabridan kuchga kiradi, – deydi Don mahsulotlari ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori, texnika fanlari doktori Dilorom G‘afurova. – Reglament, don ekinlarining qaysi mamlakatda yetishtirilishidan qat’i nazar, birinchi navbatda, inson hayoti va sog‘lig‘ini, atrof-muhitni, hayvonlar va o‘simliklarni muhofaza qilish, yuridik va jismoniy shaxslar hamda davlat mulkini asrab-avaylashni nazarda tutadi.

2010-2017-yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish maqsadida 233 investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Bu esa ko‘plab tegirmon, omixta yem, urug‘lik va non sexlarini Rossiya, Ukraina, Germaniya, Shveytsariya, Serbiya, Turkiya va Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida modernizatsiya qilishda qo‘l keldi. Qariyb 1 ming 800 yangi ish o‘rni yaratilib, elektr energiya sarfi 15-20 foizga kamaydi.

Matbuot anjumanida istiqboldagi rejalar, amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar xususida ham ma’lumot berildi.

UzA