Asosiy menu

Mavsum ishlari qizg‘in

Farg‘ona viloyati pillakorlari joriy yilda 2 ming 360 tonna qimmatbaho xomashyo yetishtirishni rejalashtirgan.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, xususan, pillachilikni rivojlantirish, tarmoqqa yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilayotgan alohida e’tibor pilla xomashyosini qayta ishlash, undan xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilayotir.

Viloyatda ipak qurti parvarishi bo‘yicha 2 ming 200 tajribali mutaxassisdan iborat nazorat va yordam guruhlari tuzilgan. 36 ming 375 xonadonga 44 ming quti ipak qurti tarqatilgan. Ayni paytda ipak qurti tajribali pillakorlar tomonidan yuqori texnologiyalar asosida parvarishlanmoqda. Ipak qurti boqiladigan xonadonlarga 7 milliard 625 million so‘mlik moddiy–texnik resurslar berilib, pillakorlarga zarur tavsiyanoma va eslatmalar tarqatilgan. Shu kunlarda guruh a’zolari har bir xonadonga borib, ipak qurtining rivojlanish holatini kuzatmoqda, zarur tavsiyalar bermoqda.

Toshloq tumani pillakorlari joriy yilda 3 ming 600 quti ipak qurti parvarishlayotir. "Qumariq", "Xonariq", "Navbahor", "Zarkent" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi fermer xo‘jaliklarida ayni paytda ish qizg‘in.

– Bu yil 2 quti ipak qurti parvarishlamoqdamiz, – deydi "Mo‘yiddinjon" fermer xo‘jaligi pillakori S.Yo‘ldosheva. – Har qutidan 60 kilogramdan hosil olishni rejalashtirganmiz. Buning uchun barcha sharoit yetarli. Oldindan bo‘nak pullarini ham berishdi.

Viloyatda pillakorlarga zarur sharoit yaratilgani, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ilg‘orlar muntazam rag‘batlantirib borilayotgani yuqori sifatli hosil yetishtirish va uni o‘z vaqtida yig‘ib olishda muhim omil bo‘layotir.

UzA