Asosiy menu

Fermerlarga xizmat ko‘rsatishning Qashqadaryo maktabi

Qarshida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi tomonidan “Fermerlarga xizmat ko‘rsatishning Qashqadaryo maktabi agrar soha rivojlanishida barqaror taraqqiyot kafolatidir” mavzusida amaliy muloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tijorat banklari, sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdidagi “Demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, munosib hayot darajasini yaratish – barqaror taraqqiyot kafolatidir” nomli ma’ruzasi hamda qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvdagi nutqida belgilangan qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq qilish, fermerlarga xizmat ko‘rsatishning Qashqadaryo maktabini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaralari muhokama qilindi.

Fermer xo‘jaliklarini boshqarishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatini takomillashtirish, fermer va dehqon xo‘jaliklaridan davlat buyurtmasi bo‘yicha meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilishni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Faoliyatimizni muntazam takomillashtirib borish, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish davr talabidir, – deydi Nishon tumanidagi “Chashma” fermer xo‘jaligi rahbari Maryam Eshonqulova. – Davlatimiz rahbari viloyatimizdagi saylovoldi uchrashuvida fermerlik harakatini jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar sababini aniqlash, salbiy holatlarni o‘rganish, ularni bartaraf etish bo‘yicha fermerlarga xizmat ko‘rsatishning Qashqadaryo maktabini yaratish taklifini ilgari surgan edi. Ushbu ko‘rsatmaga muvofiq, viloyatda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumanlar fermerlar kengashlaridagi ilg‘or, ko‘p yillik tajribaga ega fermerlar partiyaning xalq deputatlari tuman Kengashlaridagi guruhlari bilan birga faoliyat olib bormoqda. Nishon tumanida 29 fermerdan iborat kengash tuzildi. Yaqinda partiya deputatlik guruhi va ushbu kengash a’zolari birgalikda tumandagi fermerlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini o‘rgandi. Ularning xulosalariga ko‘ra tumanda fermerlarga xizmat ko‘rsatadigan 3 yonilg‘i quyish shoxobchasi rahbari o‘z vazifasidan ozod qilindi. Demak, biz qilayotgan ish har bir fermer va sohaga aloqador shaxslarning javobgarligi hamda ishga mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etish va eksport salohiyatini yuksaltirishga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

UzA