Asosiy menu

Tadbirkorlik – taraqqiyot tayanchi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tadbirkorlik subyektlari vakillariga sohaga oid barcha masalalarda tegishli maslahat berish va fuqarolar murojaatini belgilangan tartibda o‘rganish, ularni o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, makroiqtisodiy mutanosiblik hamda yuqori o‘sish sur’atlari barqarorligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2016-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Tadbirkorlik subyektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kredit-moliya resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha maslahatlar berishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlar yo‘nalishida ham izchil ishlar olib borildi. Hududiy boshqarma nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab xo‘jalik subyektlari faoliyati tekshiruvlarida ishtirok etdi. Natijada tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilib, sudlarga 4 ming 600 dan ortiq da’vo arizasi, qariyb 200 ga yaqin iltimosnoma kiritildi va ularning barchasi ijobiy hal qilindi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasida fuqarolar murojaatini belgilangan tartibda o‘rganish va o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududiy boshqarma tomonidan Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, viloyat hokimligi, huquq-tartibot idoralari, nazorat qiluvchi organlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda “Tadbirkorlar kuni” tadbirlari tashkil etilmoqda. Bunda tadbirkorlar sohaga oid yangi qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyati, soliq, bojxona, statistika tarmoqlarida qo‘llanilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, axborot-kommunikatsiya sohasida yaratilayotgan qulayliklar xususida atroflicha ma’lumot olmoqda. Tadbirlar doirasida bildirilgan taklif va muammoli masalalarning aksariyati joyida ko‘rib chiqilmoqda.

– Tadbirkorlik subyektlari vakillari va fuqarolarning murojaatlari istalgan shaklda qabul qilinadi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i F.Mamanov. – O‘tgan yili ko‘proq jismoniy va yuridik shaxslarning xorijga chiqish va tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar xarid qilish, biznes-reja tuzish, tijorat bankidan kredit olish, yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, debitorlik qarzlarini undirish kabilarga qonun doirasida hal etilishiga ko‘maklashildi.

Hududiy boshqarma tomonidan joriy yilda ham tadbirkorlarga ishlab chiqarishni tashkil etish, xorijdan zarur uskunalar olib kelish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari takliflarini o‘rganish hamda ularning yurtimiz va chet davlatlarda tashkil etiladigan biznes-forumlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalarda ishtirokini yanada kengaytirishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


UzA